Bosh sahifa
Ma'naviyatli yoshlar - kelajak qanoti
2014 yilning 15-may sanasida o`zining tarovati bilan yer yuzining sayqali deb nom olgan, qadimiyligi jihatidan Rim shahri qatorida butun dunyoga "abadiy shahar" nomi bilan dong taratgan azim Samarqand shahrida mutharam yurtboshimiz I.A. Karimov boshchiligida "O`rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati" mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo`lib o`tdi. Ushbu anjumanning ochilish marosimida davlatimiz rahbari Al-Xorazmiy, Beruniy, Ahmad Farg`oniy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug`bek, Ibn Sino va boshqa ko`plab sharq allomalari, mutafakkirlari ularning jahon tamadduni uchun dastur-ul amal bo`lgan ilmiy izlanishlari, misli ko`rilmagan kashfiyotlari to`g`risida nutq so`zladi. Xususan, prezidentimiz Ahmad Farg`oniy va uning yaratgan asarlari, qilgan ishlari to`g`risida, shuningdek, astronomik asbob - usturlob nazariyasini ishlab chiqqani, Nil daryosida "nilomer" degan ko`p asrlar davomida suv sathini o`lchaydigan asosiy vosita sifatida xizmat qilib kelgan mashhur inshootni yaratgani haqida so`zlaganda o`zining fikrlarini quyidagicha bayon etdi: "Men
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida bo`lganimda, ana shu nilomerni ko`rib bu ulug` ajdodimizning ilmiy dahosi oldida yana bir bor hayratga tushish baxtiga muyassar bo`ldim". Yurtboshimizning bu kabi so`zlarini tinglar ekanman, men yana bir bor Sharq tamadduni jahon sivilizatsiyasiga, Markaziy Osiyoda IX-XII va XIV-XV asrlarda shiddatli dengiz to`lqinidek ko`tarilgan renessans Yevropa renessansi uchun asos bo`lganiga amin bo`ldim.
Bugungi kunda mamlakatimizda ana shunday buyuk ajdodlarimizga har tomonlama munosib bo`lgan avlodni kamol toptirish uchun yoshlarga, ta'lim sohasiga katta e'tibor qaratilmoqda. Yuksak ma'naviyatli, dunyoda bo`layotgan o`zgarishlarga o`z munosabatini bildira oladigan, mustaqil fikrga ega bo`lgan yoshlar qatlamini shakllantirish uchun Yevropa standartlariga tenglasha oladigan zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Yurtimizda 12 yillik umumiy majburiy bepul ta'lim tizimining joriy etilgani, dunyoning bir qator yetakchi oliy o`quv yurtlarining filiallari, xususan, Italiyaning Turin Politexnika universiteti, Malayziyaning Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti, Buyuk Britaniyaning Vestminster universiteti, Moskva davlat universiteti va yana boshqa bir qancha
universitet filiallarining faoliyat ko`rsatayotgani, bundan tashqari minglab itiqdorli yoshlarimizning Germaniya, Yaponiya, AQSh, Koreya, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi dunyoning yetakchi mamlakatlari universitetlarida tahsil olayotgani yuqoridagi gapimizning yorqin dalilidir.
Albatta, bu kabi ulkan ishlar o`z-o`zidan bo`lmaydi. Bunday ishlarni amalga oshirish uchun har yili davlat byudjetidan ma'lum miqdorda mablag` ajratiladi. Davlatimiz rahbarining ma'ruzasini tinglab shuni angladimki, bugungi kunda BMT ma'lumotlariga ko`ra mamlakatimizda ta'limga yo`naltirilayotgan xarajatlar davlat byudjetining 35% dan ortig`ini tashkil etar ekan. Boshqacha aytganda O`zbekiston davlati byudjetidan har yili 35% mablag` aynan ta'lim-tarbiya soahsiga yno`altiriladi. Mantiqan o`ylab qaralsa, bu xarajatlar anchayin yuqori raqamlar bilan ifodalanadi. Lekin bularning barchasi biz yoshlar uchun, bizning yuqori sifatlarda ta'lim olishimiz uchun amalga oshirilmoqda. Shuningdek, davlatimiz rahbari O`zbekiston ta'lim tizimini rivojlantirish darajasi, jumladan, ta'lim maqsadlari uchun ajratiladigan mablag`lar bo`yicha dunyoda
5-o`rinni egallaganligini alohida ta'kidlab o`tdi. Bu so`zlar ayni haqiqat. Chunki 12 yillik ta'lim tizimiga o`tish munosabati bilan mamlakatimizda muhtasham kollej, litsey binolari qurilishi uchun ajratilgan mablag`lar, shuningdek, birgina "Janub gavhari" deya e'tirof etilgan Surxon vohasidagi yagona oliy o`quv yurti hisoblangan Termiz davlat universitetining qaytadan bunyod etilishi uchun 62 milliard so`m ajratilgani, bundan tashqari viloyatda bolalar musiqa va san'at maktabining ishga tushirilishi, jahon standartlariga mos keladigan yangi ARM ning qurilishi buning isbotidir. Yoshlarga dunyo tillarini, jumladan, ingliz tilini o`rgatishni kuchaytirish maqsadida 2012 yilning 10-dekabrida "Chet tillarni o`qitishni takomillashtirish to`g`risidagi" prezident qarorining qabul qilinishi ham ta'lim sohasida yoshlarga qaratilayotgan e'tiborning yana bir yorqin namunasidir.
Anjumanda davlatimiz rahbari "Erishilgan bilimlarni o`tmishda, jumladan, o`rta asrlar Sharqida amalga oshirilgan olamshumul kashfiyotlarni chuqur o`zlashtirmasdan turib, na ilm-fanda, na boshqa sohalarda yangi, yanada yuksak marralarni zabt etib bo`lmaydi" deya ta'kidlab o`tdi. Darhaqiqat, bugungi kunda biz yoshlar yangidan yangi ilm cho`qqilarini zabt etishimiz uchun buyuk ajdodlarimiz asarlarini, ularning qilgan kashfiyotlarini o`rganib, ularni o`zimiz uchun dastur-ul amal qilib olmog`imiz lozim. Bu esa kelajakda mustaqil O`zbekistonimizda bo`lajak Beruniy, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy, Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Mahmud Koshg`ariy kabi ilm ahllarining yetishib chiqishiga zamin hozirlaydi.
Yig`ilish so`nggida yurtboshimiz biz yoshlarga har safar murojaat etganida hamisha alohida e'tirof etib: "Biz buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanishimiz, g`ururlanishimiz kerak. Ayni vaqtda faqat g`ururlanishning o`zi yetarli emas, kelinglar, o`zimiz ham, xuddi ular kabi mana shu bebaho merosga o`z hissamizni qo`shaylik" degan so`zlarini yana bir bor ta'kidlab o`tdilar.
So`zim so`nggida shu yurtning farzandi sifatida tengdoshlarimga, yurtimizdagi barcha yoshlarga surxon yoshlari nomidan shunday murojaat qilmoqchiman: biz ertangi kelajagimizning egalari ekanmiz, keling, buni teranroq mushohada etib, yuqoridagi gaplardan tegishli xulosa chiqarib, biz yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda vatanimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo`shadigan, yurt xizmati uchun
"labbay" deya javob beradigan yetuk kadr bo`laylik. Bugungi kunda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Misr kabi ko`plab mamlakatlar kutubxonalarining "oltin fondi"ni tashkil etgan Sharq mutafakkirlari, allomalarining yurtboshimiz aytib o`tganidek o`z tadqiqotchisini kutayotgan buyuk kashfiyotlardan iborat ilmiy merosini chuqurroq o`rganaylik. Zero, vatanimizning ertangi taraqqiyoti, farovon turmushi, jahon hamjamiyatidagi o`rni biz yoshlar qo`lida.
Создано на конструкторе сайтов Okis при поддержке Flexsmm - инстаграм накрутка подписчиков